CAEx Uzbekistan va O’zbekiston Arxitektorlar uyushmasi strategik hamkorlikni muhokama qildi


CAEx Uzbekistan xalqaro ko’rgazmalar markazi rahbariyatining taklifiga binoan, O’zbekiston Me’morlar uyushmasi Raisining birinchi o’rinbosari Marufxo’ja Saitxodjayev, Uyushmaning turkiy davlatlar bo’yicha ko’rgazma tadbirlari koordinatori Damir Kamolov hamda CAEx Uzbekistan Operatsion direktori Mehmet Dükkancı o’rtasida amaliy uchrashuv bo’lib o’tdi.

Konstruktiv va samimiy ruhda o’tgan muloqotda tomonlar arxitektura va qurilish sohasini rivojlantirish, tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro ko’rgazmalar, forumlar, konferensiyalar va ta’lim dasturlarini tashkil etish bo’yicha uzoq muddatli strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

O’zbekiston Me’morlar uyushmasi CAEx Uzbekistan uchun strategik intellektual hamkor sifatida professional ekspertiza taqdim etish, ishbilarmonlik dasturlarini shakllantirish hamda yetakchi me’morlar, shaharsozlar va soha mutaxassislarini jalb etish bo’yicha har tomonlama ko’maklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv davomida Mehmet Dükkancı O’zbekiston Me’morlar uyushmasining Raisi Azamat To’xtayev rahbarligidagi faoliyatiga yuksak baho berib, mamlakat arxitektura sohasini rivojlantirishga qo’shilayotgan salmoqli hissani alohida e’tirof etdi. Shuningdek, u strategik hamkorlik yo’nalishlarini yanada chuqurroq muhokama qilish maqsadida Uyushma Raisi bilan shaxsiy amaliy uchrashuv o’tkazish istagini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar xalqaro hamkorlikni kengaytirish va CAEx Uzbekistan markazini Markaziy Osiyoning yetakchi ko’rgazma-kongress maydonlaridan biriga aylantirishga xizmat qiluvchi qo’shma loyihalarni faol amalga oshirishga kelishib oldilar.