O‘zbekistonning mehmondo‘stlik sohasida faoliyat yurituvchi TEG guruhi AQShda biznesni birlashtirish bo‘yicha bitimni yakunladi
Ushbu tarixiy voqea TEG kompaniyasiga O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan turizm bozori salohiyatidan foydalanish va kelgusidagi rivojlanish rejalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Nyu-York, 2026-yil 14-oktabr — Mehmondo‘stlik, turizm va tadbirlarni tashkil etish sohalarida faoliyat yurituvchi O‘zbekiston kompaniyalari guruhi TEG SPV LLC («TEG») StageWise Strategies Corp. («STWI») bilan biznesni birlashtirish bo‘yicha bitim muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi. Natijada aksiyalari AQSh bozorida savdo qilinadigan O‘zbekistondan chiqqan ilk ommaviy kompaniya tashkil etildi.
Bitim aksiyalarni ayirboshlash to‘g‘risidagi kelishuv asosida yakunlandi. Unga muvofiq, TEG birlashgan ommaviy kompaniyaning asosiy operatsion biznesiga aylandi. Kompaniya TEG Overseas, Inc. nomi ostida faoliyat yuritadi, uning oddiy aksiyalari esa OTC Markets birjadan tashqari savdo bozorida sotiladi.
Ushbu voqea TEG rivojlanishida muhim bosqich bo‘lib, kompaniyaga mintaqa taraqqiyotini belgilayotgan uzoq muddatli bozor tendensiyalaridan foydalanish imkonini beradi. Bu tendensiyalar qatoriga xorijiy sayyohlar oqimining ortishi, xizmat safarlarining kengayishi hamda O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning davom etishi kiradi.
Turizm sohasida katta tajribaga ega TEG O‘zbekistonda mehmondo‘stlik va tadbirlarni tashkil etish yo‘nalishlaridagi premium toifadagi aktivlarga egalik qiladi va ularni boshqaradi. Ushbu aktivlar yagona ekotizimni shakllantiradi. Ular qatoriga Hilton Tashkent City, Wyndham Bukhara hamda Central Asian Expo Uzbekistan (CAEx) — ko‘rgazmalar va kongresslar o‘tkazishga mo‘ljallangan, Markaziy Osiyodagi eng yirik va zamonaviy ko‘p funksiyali markazlardan biri kiradi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, portfelning tushumi 42,9 million AQSh dollarini, sof foydasi esa 14,4 million AQSh dollarini tashkil etdi. 2024-yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 22% va 215% ga o‘sdi.
«Yuqori sifatli aktivlardan shakllangan portfel, nufuzli xalqaro mehmonxona brendlari bilan hamkorlik va aniq rivojlanish strategiyasi TEG kompaniyasini o‘sishning navbatdagi bosqichiga tayyorlamoqda. Ushbu bosqich kompaniyaga yanada ulkan biznes rejalarini amalga oshirish imkonini berishi bilan birga, O‘zbekistonning milliy o‘ziga xosligini mustahkamlash va mamlakatning turizm sohasidagi raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi», — dedi TEG direktorlar kengashi raisi Anita Mendiratta.
«TEG kompaniyasining ommaviy bozorga chiqishi O‘zbekiston turizm iqtisodiyoti uchun burilish davriga to‘g‘ri kelmoqda. Barqaror iqtisodiy o‘sish va mamlakatning ulkan milliy rivojlanish dasturi O‘zbekistonni sayyohlar hamda xizmat safari bilan keluvchi mehmonlar uchun Markaziy Osiyoning eng jozibador yo‘nalishlaridan biriga aylantirishga yordam bermoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘zbekiston turizm bozorining rivojlanishi fonida TEG o‘sish istiqbollari
2025-yilda O‘zbekistonga qariyb 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2024-yilga nisbatan deyarli 47% ko‘pdir. UN Tourism tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston sayyohlar soni eng yuqori sur’atlarda o‘sgan mamlakatlar qatoriga kirdi.
Ushbu o‘sish mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar va turizmni milliy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Sohani rivojlantirish infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro transport qatnovlarini kengaytirish va xususiy sektor faolligining ortishi bilan mustahkamlanmoqda.
Mehmondo‘stlik ko‘p asrlar davomida O‘zbekiston madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Mamlakat tarixan Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan. Bugungi kunda ushbu boy meros, mamlakatning izchil modernizatsiyasi, transport imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim infratuzilma investitsiyalari, jumladan, havo va temiryo‘l qatnovining rivojlanishi hamda mintaqaviy investitsiya markazining shakllanishi O‘zbekistonning yil davomida turizm, xizmat safarlari va turli tadbirlarni tashkil etish uchun tobora muhim yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
AKFA ekotizimining afzalliklari
TEG Markaziy Osiyodagi eng yirik xususiy biznes guruhlaridan biri bo‘lgan AKFA Group tarkibiga kiradi. Guruhda 38 000 nafar xodim faoliyat yuritadi. AKFA kompaniyasiga 2001-yilda Toshkentda tadbirkor Jahongir Artikxo‘jayev tomonidan asos solingan. Guruh yettita strategik yo‘nalishda faoliyat yuritadi: maishiy elektronika ishlab chiqarish (Artel), eshik va derazalar uchun alyuminiy profillar ishlab chiqarish (AKFA), qurilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm va ko‘ngilochar xizmatlar sohasi.
AKFAning keng biznes ekotizimi tarkibida faoliyat yuritish TEG kompaniyasiga quyidagi afzalliklarni beradi:
- Xalqaro biznes aloqalari va sohadagi ishonchli hamkorlardan foydalanish imkoniyati.
- Mamlakatdagi yirik va tajribali qurilish hamda ko‘chmas mulkni rivojlantirish kompaniyalari bilan hamkorlik qilish imkoniyati.
- Xarid jarayonlarini optimallashtirish va faoliyat ko‘lamidan kelib chiqadigan iqtisodiy afzalliklar.
- Strategik tashabbuslarni tezroq amalga oshirish va loyihalarni bozorga olib chiqish muddatlarini qisqartirish.
«AKFA bilan ko‘p yillik hamkorligimiz TEG rivojlanishida muhim rol o‘ynadi. Bu hamkorlik bizga kengroq biznes ekotizimining imkoniyatlari, tajribasi va ishbilarmonlik aloqalaridan foydalanish imkonini berdi», — dedi TEG direktorlar kengashining mustaqil bo‘lmagan a’zosi va investori Irodaxon Abduvaxitova.
«TEGning sohadagi tasdiqlangan tajribasi bilan birgalikda ushbu afzalliklar istiqbolli imkoniyatlarni aniqlash, loyihalarni samarali amalga oshirish va O‘zbekiston hamda mintaqaning boshqa mamlakatlarida biznes ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarimizni oshiradi», — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘sish strategiyasini amalga oshirish
Ommaviy kompaniya maqomiga ega bo‘lgan TEG kelgusidagi xaridlarni moliyalashtirish hamda mehmondo‘stlik va MICE sohalaridagi aktivlar portfelini kengaytirish uchun AQSh kapital bozorlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya xizmatlar taklifini kengaytirish va yanada keng auditoriyadagi ishbilarmon sayohatchilar hamda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan rejalashtirilgan aktivlarni sotib olish bitimlarini amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, TEG aktivlarga egalik qilish va ularni bevosita boshqarish bo‘yicha sinovdan o‘tgan modeli, O‘zbekiston bozorini chuqur bilishi, xalqaro mehmonxona brendlari bilan hamkorligi va AKFA ekotizimining ko‘chmas mulkni rivojlantirish sohasidagi imkoniyatlariga tayangan holda o‘sishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Bitim bo‘yicha maslahatchilar
TEGning moliyaviy maslahatchilari sifatida Kingswood Capital Partners, LLC tarkibidagi Kingswood ArcStone bo‘linmasi hamda Bluestone Investment Bank faoliyat yuritdi.
TEGga yuridik xizmatlarni Ellenoff Grossman & Schole LLP va Dentons Uzbekistan ko‘rsatdi.
StageWise kompaniyasining yuridik maslahatchisi Hunter Taubman Fischer & Li LLC bo‘ldi.
TEG kompaniyasi haqida
TEG — O‘zbekistonda turizm va mehmondo‘stlik sohalarida faoliyat yurituvchi ko‘p tarmoqli kompaniya. Kompaniya mamlakatga tashrif buyuruvchilar talabining ortib borishiga javob berishga yo‘naltirilgan mehmonxonalar, tadbirlar o‘tkazish maydonchalari va sayyohlik yo‘nalishlarini qamrab oluvchi integratsiyalashgan aktivlar portfeli hamda xizmatlar ekotizimini shakllantirmoqda.
TEG portfeliga Hilton Tashkent City, Wyndham Bukhara va Central Asian Expocenter kiradi. O‘zbekistonning eng yirik xususiy biznes guruhlaridan biri — AKFA Group tarkibida faoliyat yurituvchi TEG guruh miqyosi, rivojlangan sohaviy aloqalar va ko‘chmas mulkni rivojlantirish sohasidagi keng imkoniyatlardan foydalanadi.
TEGning o‘sish strategiyasi mavjud portfel salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlarida mehmonxona va turizm aktivlarini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Batafsil ma’lumot: https://www.tegcompany.com/
