2025 yil yakunlari: CAEx — muloqot maydoni va bozorlarni bog‘lovchi nuqta
O‘tgan yil davomida CAEx ko‘rgazma markazi g‘oyalar loyihalarga, ishbilarmonlik uchrashuvlari esa uzoq muddatli hamkorlikka aylangan makonga aylandi. U turli sohalar, bozorlar va mamlakatlar vakillarini birlashtirib, professional muloqot va biznes rivoji uchun mustahkam asos yaratdi.
2025 yil mobaynida CAEx maydonida UzBuild, TIHE, INNOPROM Central Asia, Uzbekistan Energy Week 2025, Tashkent International Investment Forum, ICT Week, EcoExpo, TFT-Expo, Automechanika Tashkent, PEPSI-FEST va boshqa qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shuningdek, maydonda Apple Computer kompaniyasining hammuassisi Stiv Voznyak kabi taniqli xalqaro spikerlar ishtirokida chiqishlar, hamda kreativ industriyalar vakillari qatnashgan madaniy va jamoat tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro va sohaviy loyihalar bilan bir qatorda, CAEx o‘zining yirik tashkiliy tadbirlarini ham amalga oshirdi. Ular qatoriga dizayn, qurilish, mehmondo‘stlik va oziq-ovqat sanoatiga yo‘naltirilgan CAEx Mebel & Decor, CAEx HoReCa | UzFPT va CAEx Build&Co ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalari kiradi. Yil yakunida esa biznes va keng jamoatchilikni Yangi yil arafasida birlashtirgan CAEx Baraka Friday keng ko‘lamli savdo yarmarkasi o‘tkazildi.
Jami 2025 yilda CAEx maydonida 24 dan ortiq ishbilarmonlik va sohaviy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Ularda ishlab chiqarish va texnologiyalardan tortib dizayn, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 7 000 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etdi.
75 dan ortiq mamlakatdan kelgan ishtirokchilar mahalliy va xalqaro bozorlar o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qildi. Yil davomida CAEx tadbirlariga 160 000 dan ortiq tashrif buyuruvchilar — tadbirkorlar, ekspertlar, kompaniyalar va professional jamoalar vakillari qatnashdi.
CAEx nafaqat taqdimotlar va muzokaralar o‘tkaziladigan maydon, balki yangi ishbilarmonlik aloqalari shakllanadigan, bozordagi dolzarb masalalar muhokama qilinadigan va qo‘shma loyihalar yuzaga keladigan makonga aylandi. Ko‘plab ishtirokchilar uchun CAEx’da qatnashish yangi bozorlarga chiqish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ilk qadam bo‘ldi.
Xalqaro ko‘rgazma platformasi sifatida CAEx biznes jamoalari va mintaqaviy bozorlarni bog‘lovchi muhim nuqta sifatida o‘z mavqeini izchil ravishda mustahkamlab bormoqda.
CAEx — Markaziy Osiyoga olib boradigan ko‘prik, g‘oyalar, odamlar va imkoniyatlarni birlashtiradigan makon.
