Silk Road Finance & Technology Forum

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning moliyaviy texnologiyalar kelajagini mustahkamlash uchun “Silk Road Finance & Technology Forum”ini o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki va uning global hamkorlari mamlakatning mintaqaviy FinTech poytaxtiga aylanish istagini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 24–26-avgust kunlari Toshkentda ilk Forumni o‘tkazadi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (MB) va Singapur Pul-kredit boshqarmasi tomonidan ta’sis etilgan notijorat tashkilot – Global moliya va texnologiyalar tarmog‘i (GFTN) joriy yilning 24–26-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Central Asian Expo Uzbekistan” (CAEx) ko‘rgazmalar majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ilk “Silk Road Finance & Technology Forum”ini e’lon qildi. Mazkur Forum O‘zbekistonning moliya, innovatsiyalar va siyosat sohasidagi asosiy platformasi bo‘lib, u yetakchilar hamda mas’ul shaxslarni bir joyga to‘playdi va mamlakatni Markaziy Osiyoda moliyaviy texnologiyalar (FinTech) uchun tayanch nuqta sifatida namoyon etadi.

O‘zbekiston Markaziy banki rahbarligida 37 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatda mintaqaning eng jadal rivojlanayotgan moliyaviy texnologiyalar ekotizimlaridan biri shakllantirildi. Aholining katta qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi, raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi qariyb 70 foizga yetgan va tez sur’atlarda o‘sib borayotgan innovatsion kompaniyalar muhiti vujudga kelgan. Bu sur’at endilikda Prezident Farmoni bilan rasmiylashtirilib, u sohaga 2030-yilgacha 1 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy sarmoya jalb etish, 5000 dan ortiq mutaxassis tayyorlash, litsenziyaga ega 200 dan ortiq bozor ishtirokchisini shakllantirish, inkubatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan 100 ta startapni chiqarish hamda raqamli valyutalar va steyblkoinlarni sinovdan o‘tkazish kabi maqsadlarni belgilab beradi.

Forum konsepsiyasi algebra fanining nomlanishiga asos bo‘lgan “Al-Jabr” tushunchasiga tayangan. Arab tilida “qismlarni birlashtirish” ma’nosini anglatadigan mazkur atama IX asrda Xorazmda faoliyat yuritgan mashhur olim Muhammad al-Xorazmiy ilmiy merosiga ishora qiladi. Shu ruhda uch kunlik anjuman beshta asosiy yo‘nalish: ochiq banking, raqamli aktivlar va steyblkoinlar, transchegaraviy to‘lovlar, islom moliyasi hamda innovatsiya va investitsiyalar atrofida tashkil etiladi. “Ant International” bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan hamda “Singapore FinTech Festival”, “Point Zero Forum” (Syurix), “GFTN Forum Japan” va “Black Swan Summits” kabi tadbirlar qatorida GFTN global tarmog‘iga qo‘shiladigan ushbu forum Markaziy Osiyo, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va boshqa mintaqalardan davlat rahbarlari, markaziy bank raislari, taraqqiyot institutlari vakillari, investorlar va ta’sischilarni bir joyga jamlaydi.

“Silk Road Finance & Technology Forum”i haqida

Bu O‘zbekiston Markaziy banki va Global moliya va texnologiyalar tarmog‘i hamkorligida o‘tkaziladigan, mamlakatning FinTech sohasidagi yillik asosiy anjumani bo‘lib, Markaziy Osiyoning navbatdagi moliyaviy yo‘lagini shakllantirish uchun siyosatchilar, regulyatorlar, investorlar va ta’sischilarni birlashtiradi.

Manba: https://cbu.uz/uz/press_center/releases/3975951/

Batafsil ma’lumot tashkilotchilar saytida: https://www.silkroadfinancetechnologyforum.com